Геморрой уй шароитида даволаш
To’g’ri ichakdagi pulsatsiyalovchi og’riqlar bilan yashash oson emas. Gemorroy bilan, hatto eng oddiy harakatlar — o’tirish, turish, hojatga chiqish — haqiqiy uqubatga aylanadi. «Xuddi men kabi gemorroydan dunyo aholisining yana 12,5 foizi aziyat chekadi» degan fikr yengillik bermaydi. Xo’sh, bu kasallik nima va gemorroydan uy sharoitida qanday qilib qutulish mumkin?
Gemorroy yoxud bavosil sabablari
Ko’pgina hollarda gemorroy kichik tos (chanoq) sohasida qon aylanishi buzilishlari tufayli paydo bo’ladi: agar biron-bir sababga ko’ra to’g’ri ichakdagi venalardan qonning qayta oqishi buzilgan bo’lsa. Defakatsiya vaqtida kuchanish, ich qotishi, diareya, homiladorlik — bularning barchasi tomirlar devorlarining cho’zilishi va shishishiga, bu esa gemorroidal tugunlar paydo bo’lishiga olib keladi. Gemorroidal tugunlar to’g’ri ichakning ichida ham, tashqi tomoni — anus atrofida ham joylashishi mumkin (ikkinchi holatda ularni qurollanmagan ko’z bilan ko’rish mumkin).
Bavosilni (gemorroyni) uy sharoitida davolash yo’llari
To’g’ri ichak devorlari va anal sfinkter to’qimalaridagi patologik o’zgarishlar jiddiy bo’lmagan birinchi bosqich gemorroy davosi yengilroq hisoblanadi. Agar kasallik tugunlarning orqa chiqaruv teshigi orqali tashqariga chiqib qolishi bilan xarakterlanadigan uchinchi yoki to’rtinchi bosqichga o’tib ketsa (agar uchinchi bosqichda ular mustaqil ravishda joyiga qaytarib kiritib bo’lsa, to’rtinchi bosqichda hatto bu ham imkonsiz bo’ladi), uni faqat jarrohlik yo’li bilan bartaraf etish mumkin. Yoki mo’jiza ro’y berishiga tayanish kerak, lekin insoniyatning dunyo tajribasi tasdiqlaganidek, mo’jizalar juda kamdan-kam hollarda ro’y beradi.
Bu uy sharoitida gemorroyni davolash mumkin emas deganimi? Yo’q, bunday emas. Gemorroyni davosi bor. Birinchidan, birinchi va ikkinchi bosqichda gemorroyni davolash konservativ hisoblanadi — bunda dori vositalari, gigiena qoidalariga amal qilish va rejimni o’zgartirish ko’proq ahamiyatga ega. Ikkinchidan, gemorroy rivojlanishining barcha bosqichlarida simptomatik davolash o’tkaziladi, bu esa og’riqni, qichishishni, anal sohasidagi yallig’lanishni bartaraf etishga va hatto gemorroidal tugunlar o’lchamini biroz kichraytirishga imkon beradi.
Albatta, uyda gemorroyni davolash faqat shifokor bunda xabardor bo’lganida va uning roziligidan keyin amalga oshirilishi mumkin.
Gemorroyni davolash uchun tashqi qo’llaniladigan xalqona vositalardan foydalanish
Avvalo, ular qichishni bartaraf etish, orqa chiqarish teshigi atrofidagi achish va uning oqibatidagi og’riqlarni yengillashtirish uchun ishlatiladi. Ushbu hodisalarning sababi — anus orqali to’g’ri ichakdagi shilliqning oqib chiqishi va / yoki gemorroidal tugunlarning yallig’lanishidir. Qichishish, achish va yallig’lanishni bartaraf etish uchun o’tlardan tayyorlangan huqnalar (klizma), vannalar va kompresslardan foydalanish mumkin.
Dorivor o’tlardan damlama, qoida tarqasida, quyidagicha tayyorlanadi: o’simliklarning maydalangan bargi, po’stlog’i, mevasi, gullari yoki ildiziga issiq qaynatilgan suv quyiladi: 25-30 gramm o’simlik xomashyosiga 1 litr suv nisbatida. Olingan aralashma 15 daqiqa mobaynida qopqog’i yopiq idishda qaynab turgan suv hammomida isitiladi, so’ngra 45 daqiqa sovutiladi. Damlama doka yoki kichik katakchali elak orqali suzib olinadi, qolgan o’tdagi suyuqlik ham qisib ajratib olinadi va damlama foydalanish uchun tayyor.
Gemorroyda kompress quyidagi tarzda tayyorlanadi: paxtali disk, bir necha marta qatlangan doka yoki dorixona binti dorivor vositaga botirilib, shikastlangan sohaga qo’yiladi. Bu ko’pincha tashqi gemorroyni davolashda ishlatiladi.
Gemorroyda vannalar — bu issiq suvning dorivor o’tlar damlamasi bilan aralashmasi. Tog’ora tayyorlangan eritma bilan to’ldiriladi va unga 15-20 daqiqaga o’tiriladi. Dorivor vosita to’siqsiz ta’sir qilishi uchun dumbalarni yon taraflarga tortish tavsiya etiladi. Eritmaning harorati issiq (40 °C gacha), iliq (30 °C gacha) yoki sovuq (10-15 °C) bo’lishi mumkin. Diqqat! Kichik chanoqda yallig’lanish kasalliklari mavjud bo’lganda sovuq vannalar tavsiya etilmaydi!
Shuningdek bug’li vannalardan ham foydalanish mumkin. Bunda eritmaning harorati 75-80 darajagacha yetadi. Vannaga o’tirmaslik kerak, bemor tog’ora ustida turib, oraliqni bug’ ta’siriga duchor etadi.
Gemorroyga qarshi uy sharoitida tayyorlanadigan shamchalar. Dorivor giyohlar damlamasi yoki boshqa modda asos bilan aralashtiriladi (odatda asos o’rnida suv yoki sariyog’ olinadi). Suv muzlatiladi, dorivor moddalar bilan aralashtirib sovutilgan sariyog’dan shamcha tayyorlanadi.
Gemorroyda mikroklizmalar faqat gemorroidal tugunlar (tashqi va ichki) va to’g’ri ichakning ichki yuzasi yallig’lanmagan bo’lsa qo’llaniladi. Bunda biroz miqdordagi eritma (200 ml gacha) huqna ichiga quyiladi, so’ng purkagichning uchi to’g’ri ichakka kiritiladi (kirishi qulayroq bo’lishi uchun uchiga vazelin surtish mumkin) va tarkibidagi suyuqlik ichakka yuboriladi. Eritmani 10-15 daqiqa ushalb turishga harakat qilish tavsiya etiladi.
E’tibor bering! Dorivor giyohlarga individual intolerantlik bo’lganda allergik reaktsiya yuzaga kelishi mumkin, shuning uchun avval tirsakka damlamadan bir tomchi qo’llash va terining reaktsiyasi qanday bo’lishini ko’rish kerak. Yarim yoki bir soatda terida xavfsirash tug’diradigan hech narsa paydo bo’lmasa, bu dorivor o’simlikni gemorroy kasalligini davolashda ishlatish mumkin bo’ladi.
Gemorroyni davolashda dorivor o’tlar va o’simliklar
Aloe. Ushbu o’simlikning sharbati yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega va tezda gemorroyning kuchayishidan xalos bo’lishni ta’minlaydi. O’simlikning shunday o’zini ham, damlamasidan ham foydalanish mumkin. Buning uchun o’ntacha o’simlik bargi bo’laklarga bo’linadi (juda kichik emas), ustidan bir litr sovuq suv quyiladi va suv hammomida damlama tayyorlanadi. Aloe barglaridan tayyorlangan damlamaga botirilgan kompress yoki o’simlikning o’zi yallig’langan joyga qo’yiladi. Ba’zan aloe mag’zidan shamcha yasalib, bir kechaga to’g’ri ichakda qoldiriladi.
Qayin qatroni. Bu modda qayin po’stlog’idan ishlab chiqariladi va ko’plab shifobaxsh xususiyatlarga ega — antimikrob, yallig’lanishga qarshi va regeneratsiyalashtiruvchi. Gemorroyda qayin qatroni vanna shaklida ishlatiladi: ikki litr issiq suv 1 osh qoshiq qatron bilan aralashtiriladi. Vannada suv sovuguncha o’tirish tavsiya etiladi.
Eman po’stlog’i. Shilliq to’qimalarining yallig’lanish kasalliklarini davolashda juda yaxshi ta’sir qiladigan kuchli shilliq qavatni qoplovchi xususiyatlarga va yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega. Eman po’stlog’idan tayyorlangan damlama inson tanasining shilliq qavatiga tushganda, shilliq qavatni ta’sirlanishdan saqlaydigan himoya qobig’i hosil bo’ladi. Ham kompress, ham suppozitoriy sifatida (sariyog’ bilan aralashtirib) ishlatsa bo’ladi.
O’rmon qulupnayi. O’rmon qulupnayi barglari asosli tindirma yallig’lanishga qarshi, jarohatni bitiruvchi va qonni to’xtatuvchi xususiyatiga ega. Uni vannalar va kompresslar shaklida ham, huqna shaklida ham qo’llash mumkin.
Kartoshka. Oddiy kartoshka gemorroyni yo’qotish uchun xalqona tabobatda keng qo’llaniladi; uning yangi siqilgan sharbati va kartoshka kraxmali shilliq qavatni qoplovchi va yallig’lanishga qarshi xususiyatlarga ega. Ko’pincha kartoshka gemorroyni davolash uchun shamcha shaklida ishlatiladi. Xom ildizmevaning markaziy qismidan kichik ustuncha kesiladi (uning shakli to’g’ri ichak yuzasiga shikast yetkazmaslik uchun iloji boricha tekis bo’lishi kerak) va bir kecha to’g’ri ichakda qoldiriladi.
Moychechak. Dorivor o’simliklar malikasi o’zining oddiy ko’rinishiga qaramay ko’plab foydali xususiyatlarga ega — uning gullaridan tayyorlangan tindirma yallig’lanishga qarshi, antimikrob, spazmolitik va og’riq qoldiruvchi ta’sirga ega, shuningdek, yallig’lanish jarayonida to’qimalarning regeneratsiyasi tezligini oshiradi. Gemorroyda moychechakni suyuq dori, vannalar va huqna, shuningdek qo’lbola shamcha shaklida ishlatish mumkin. Buning uchun 1 osh qoshiq moychechak to’plami bir stakan qaynoq suvda damlanadi, hosil bo’lgan damlama sovutiladi va kichik muz uchun shakllarga quyiladi. Muzlaganidan so’ng, kuchli og’riq qoldiruvchi (muzlashi tufayli) va yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega bo’lgan shamlar tayyor bo’ladi. Shamchani muzlatish uchun shaklni tibbiy qo’lqopning barmoqlaridan yasash mumkin.
Bo’yimodaron. Ushbu o’simlik qon to’xtatuvchi, yallig’lanishga qarshi va yarani bitiruvchi ta’sirga ega va qon ketishi boshlanishi va gemorroyning kuchayishida ayniqsa foydalidir. Bo’yimodaron barglari dorixonada oson topiladi; damlama tayyorlashda berilgan ko’rsatmalarga rioya qilish kerak. Gemorroyda bo’yimodaron tindirmasi suyuq dori va vanna uchun ishlatiladi.
Sarimsoq. Kuchli yallig’lanishga qarshi, og’riq qoldiruvchi va antibakterial ta’sirga ega. Gemorroyda sarimsoq ham yangi holda (tozalangan sarimsoq donasi orqa yo’lga kiritiladi va tabiiy yo’l bilan chiqib ketmagunicha qoldiriladi), ham mustaqil tayyorlangan shamcha shaklida (bo’tqa qilib maydalangan sarimsoq sariyog’ bilan aralashtiriladi, sovutiladi va undan shamcha shakllantiriladi). Yana sarimsoq va sutdan yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega bo’lgan vannalar ham qilinadi (2 litr isitilgan sutga 200 grammdan to’g’ralgan sarimsoq va piyoz qo’shish nisbatida).
Chistotel (qoncho’p). Qoncho’p o’tida yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatuvchi izoxinolinli alkaloidlar mavjud. Shuning uchun qoncho’p tindirmasi teri qichishishni yengillashtirish uchun ishlatiladi. Gemorroyni tabiiy usulda davolashda qoncho’p damlamasi suyuq dori shaklida ishlatiladi, shuningdek uni vannalarga qo’shish ham mumkin.
Gemorroyga qarshi asalarichilik mahsulotlari
Xalq tabobatida asal va boshqa asalarichilik mahsulotlari keng qo’llaniladi. Asaldan shamchalar qilinadi (yoki butunlay asaldan, yoki kartoshkadan tayyorlangan shamchaga ingichka qavat qilib surtib) yoki tashqi vosita sifatida ishlatiladi (aralshtirilmagan holda yoki boshqa malhamlarda tarkibiy qism sifatida).
Propolis tashqi tugunli gemorroyni tez davolashda vazelin asosli malham tayyorlash uchun ishlatiladi. Buning uchun 80 g vazelin 10 g lanolin va 7 g propolis bilan aralashtiriladi, olingan aralashma suvli hammomda eritiladi, aralashtiriladi va doka yoki kichik katakchali elak orqali suzib olinadi. Malham kompress yoki paxtali diskka surtiladi va tashqi gemorroidal tugunlarga qo’yiladi. Vazelin o’rniga 10 g propolis uchun 100 g asos nisbati bo’yicha hayvon yog’i yoki sariyog’ ishlatilishi mumkin. Aralashma sovutiladi va gemorroidal tugunlarga qo’llaniladi.
Bundan tashqari, propolisdan shamchalar tayyorlash ham mumkin. Buning uchun propolis suv bilan aralashtiriladi va kichik muz shakllariga quyiladi. Propolis va suv aralashmasi huqnalar uchun ham ishlatiladi.
Sovuq suv va muz
Muzli shamchalar (qaynatilgan suv muz shaklchalariga quyiladi va kechga muzlatgichda qoldiriladi) ichki gemorroidal tugunlarda kuchli og’riq bo’lganda yaxshi yordam beradi. Tashqi foydalanish uchun muzdek suv va muz aralashmasi bo’lgan vannachalardan foydalaniladi. Bundan tashqari, muz qon ketishini to’tatadi. E’tibor bering! Kichik tos a’zolarining yallig’lanishi bo’lganda muz qo’llash mumkin emas.
Margansovka (kaliy permanganat)
Kaliy permanganatning eritmasi ajoyib antiseptik hisoblanadi. U ham vannalar sifatida (0,1-0,5% konsentratsiyali eritma), ham huqna shaklida (0,02-0,1%) ishlatilishi mumkin. E’tibor bering! Margansovka bilan zaharlanish mumkin, shuning uchun eritmaning konsentratsiyasiga qat’iy rioya qilish kerak.
Ichga qo’llaniladigan xalqona vositalar yordamida gemorroyni davolash
Qoida tariqasida, bunday vositalarga qon tomirlarining tonusini me’yorlashtirish, qon aylanishini yaxshilash va kichik tos a’zolarida qonning dimlanishini bartaraf etishga yordam beradigan, qon ketishini to’xtatadigan, yallig’lanishga qarshi ta’siri bo’lgan dorivor o’simliklar damlamalari kiradi.
Gorets pochechuyniy. Bu o’simlik yurak-tomir tizimi faoliyatini yaxshilaydi, qon tomirlarni toraytiradi va bir vaqtning o’zida qon bosimini ko’tarmaydi. Qabziyat bilan kechganida, o’simlikning xususiyati gemorroyda ich yumshatuvchi dori sifatida yordam beradi.
Dalachoy. Shilliq qavatni qoplovchi va yallig’lanishga qarshi ta’sir ko’rsatadi. Qon tomirlarining silliq mushaklariga kuchli spazmolitik ta’siri kichik tos a’zolarida qonning dimlanishidan qutilishga yordam beradi. E’tibor bering! Dalachoy qon bosimini ko’tarishi mumkin.
Oddiy bodrezak. Kuchli qon ketishini to’xtatuvchi xususiyatga ega, tinchlantiruvchi va yumshoq ich yumshatuvchi ta’sir ko’rsatadi. Xalq tabobatida bodrezakning ham mevalari, ham po’stining damlamalari ishtlatiladi. E’tibor bering! Agar gemorroy bilan xastalangan bemorda qon ivishi kuchaygan bo’lsa, gemorroidal tugunlarda tromb hosil bo’lishi xavfi tufayli bodrezak damlamasidan foydalanmaslik kerak.
Qichitqi o’t (gazanda). U ko’p qon ketishini to’xtatish, qon ivishini yaxshilashga qodir, yallig’lanishga qarshi ta’sirga ega, modda almashinuvini kuchaytiradi va yurak-tomir tizimining faoliyatini yaxshilaydi. Ayollarda qichitqi bachadonning tonusini oshiradi.
Zubturum. Gorets pochechuyniy kabi, yengil ich yumsahtyuvchi ta’sirga ega va qabziyatda yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Bundan tashqari, zubuturum yallig’lanishga qarshi, qon ketishini to’xtatuvchi va immonstimulyatsiyalovchi kabi ko’pab foydali xususiyatlarga ega.
Ich yumshatuvchi o’simliklar
Agar gemorroy bilan og’rigan bemor ko’pincha ich qotishidan aziyat cheksa, o’simlik kelib chiqishli ich yumshatuvchilar yordam berishi mumkin.
Itshumurt po’stlog’i. Ichakda peristaltikasini kuchaytiradi, yo’g’on ichak shilliq qavati tomonidan suyuqlik so’rilishini kamaytiradi, bu esa axlatning yumshashiga yordam beradi. Itshumurt po’stlog’i — eng zararsiz ich yumshatuvchi vositalardan biridir. Odatda, preparatning ta’siri 8-12 soatdan keyin boshlanishi hisobga olinib, kechasi iste’mol qilinadi.
Gemorroyni erkaklarda va ayollarda davolash xususiyatlar
Statistikaga ko’ra, 85% homiladorlar va yaqin orada farzand dunyoga keltirishi kutilayotgan ayollarda gemorroy kuzatiladi. Erkaklarda gemorroy ko’proq kasbi haydovchi bo’lganlar, og’ir jismoniy mehnat qiluvchilar, professional sportchilarda kuzatiladi.
Ayollarda gemorroyni davolash. Ayollar uchun umumiy tavsiyalar o’rinli bo’ladi. Faqat ayollarga xos bo’lgan omillar — homiladorlik, tug’ruq, qon dimlanishi, kichik tosda yallig’lanishlar va ko’p parhez tutish natijasida qabziyatga alohida e’tibor qaratish kerak.
Erkaklarda gemorroyni davolash. Erkaklar uchun ham tavsiyalar umumiy hisoblanadi. Faqat erkaklarda ushbu kasallik rivojlanishiga hissa qo’shadigan omillar — noto’g’ri ovqatlanish, tez-tez alkogolli ichimliklar iste’mol qilish, «ofis hayoti» va o’troq ish, avtomobil haydash, kamharakatlikni bartaraf etish kerak
Gemorroyni oldini olish
Gemorroyni uy sharoitida davolashning eng oson usuli ovqatlanish va hayot tarzini o’zgartirishdir.
Avvalo, ich qotishini oldini olish uchun taomnomani qayta ko’rib chiqish kerak (bu qorin bo’shlig’idagi bosimni oshirishi sababli gemorroy rivojlanishiga hissa qo’shishi bilan xavfli). Buning uchun ballastli moddalarni (kletchatkani) o’z ichiga olgan mahsulotlarni iste’mol qilish kerak. Shu bilan birga, kundalik ratsionga kletchatkaga boy bo’lgan mahsulotlarni kiritishni katta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish kerak — ortiqcha kletchatka gaz hosil bo’lishi kuchayishiga olib keladi, bu ham qorin bo’shlig’ida yuqori bosim hosil qiladi. Katta yoshdagi kishi uchun kletchatka iste’moli miqdori kuniga 25-30 gramm oralig’ida bo’lishi kerak. Agar bu bilan biron-bir sababga ko’ra muammo yuzaga keladigan bo’lsa, yetishmayotgan kletchatka o’rnini bioqo’shimchalar yordamida to’ldirish mumkin. Organizmga oziq-ovqat bilan qanchalik ko’p kletchatka tushsa, shunchalik ko’p suv ichish kerak.
Ba’zi oziq-ovqat turlari to’g’ri ichak devorlariga qon kelishini kuchaytirishi mumkin, bu gemorroy alomatlarini kuchaytirishi xavfini tug’diradi. Avvalo bunday mahsulotlarga alkogolli ichimliklar va achchiq taomlar tegishlidir. Bunday mahsulotlarni batamom cheklash yoki iloji boricha kamaytirish kerak.
To’g’ri ichak orqali axlat zo’riqishsiz o’tishi uchun yetarli miqdorda suyuqlik ichish lozim: bir kunda 6 stakan.
Fermentlangan oziq-ovqatlarni muntazam ravishda iste’mol qilish tavsiya etiladi — ular mashhur achitqi-sut mahsulotlari (qatiq, ryajenka, prostokvasha), yogurt, kimchi va boshqalar. Ba’zi bir tadqiqotlarga ko’ra, fermentlangan oziq-ovqat mahsulotlarini muntazam iste’mol qilish hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, ichakda foydali moddalarining sintezini oshiradi, kislota-ishqor muvozanatini ushlab turadi. Bundan tashqari, Bifidius va Lactobacillus kabi «yaxshi» bakteriyalarli probiotiklar ham ichak peristaltikasini yaxshilaydi. Bir stakan «tirik» yogurt gemorroydagi parhezga mazali va foydali qo’shimcha bo’ladi.
Hojatxonada bo’lishning muayyan qoidalariga rioya qilish kerak:
- Birinchidan, o’zidan barchasini darhol va birdaniga chiqarib tashlashga urinmaslik (qorin bo’shlig’i ichki bosimining zararli tomoni haqida eslash kerak).
- Ikkinchidan, hojatga o’z vaqtida borish tavsiya etiladi — ya’ni chaqiriq bo’lganidanoq. Toqat qilish odati najasning quruqligini oshiradi, bu esa defekatsiya paytida keraksiz kuchanish va qorin bo’shlig’i ichki bosimining oshishiga olib keladi. Agar bunday muammo yuzaga kelsa, yumshoq ich surgilardan foydalanish mumkin. Lekin ularni ortqicha ishlatilishi ham tavsiya etilmaydi, aks holda to’g’ri ichakda yallig’lanish jarayoni boshlanishi mumkin.
- Uchinchidan, tizzalar chanoqdan biroz yuqoriroq bo’lishi uchun oyoqlar ostiga stulcha qo’yishga harakat qilish mumkin, bu holat axlatni tezroq chiqarishga yordam beradi.
- To’rtinchidan, hojatxonada uzoq qolmaslik kerak — uzoq vaqt davomida unitazda o’tirishda tananing orqa tomoniga qon kelishi kuchayadi, shu jumladan gemorroidal tugunlarga ham.
- Va nihoyat, har bir defakatsiyadan keyin yumshoq bolalar sovuni bilan yuvinish tavsiya etiladi — bu gemorroidal tugunlarning yallig’lanishi ehtimolini kamaytirishga yordam beradi.
Gemorroyda jismoniy mashqlar va faol turmush tarzi ko’rsatiladi. Muntazam jismoniy faoliyat tananing yurak-tomir tizimi holatini yaxshilaydi va shu bilan kichik tos sohasidagi venalarga tushadigan bosimni kamaytiradi. Agar bemorning kasbi uzoq vaqt davomida o’tirish yoki tik turishni talab qilsa ham, har soatda qonni tarqatish va kichik tosda uning dimlanishini oldini olish uchun besh daqiqani jismoniy mashqlarga ajratish tavsiya etiladi. Jismoniy mashqlar og’irliklar ko’tarish bilan bog’liq bo’lmasligi kerak — bu gemorroyning kuchayishiga olib kelishi mumkin; shuningdek o’tirib-turishlar sonini kamaytirish tavsiya etiladi. Umuman olganda, haftada kamida 2,5 soat jismoniy mashqlar qilish kerak. Yugurish, yurish, suzish, uzoq sayr qilish gemorroyda yaxshi yordam beradi.
Источник
Бизга аввалдан маълум бўлган касалликларга кундан кунга янги даво усуллари ишлаб чиқилмоқда. «Халқимизнинг тиббий онги паст», дейиш осон. Лекин билим аввал берилади, кейин сўралади. Баъзи касалликлар ҳақида гапириш уят ҳисоблангани учун одамлар уларнинг келиб чиқиши, даволаниши ва профилактикаси тўғрисида етарлича маълумотга эга эмас. Шундай касалликлардан бири — бавосил. Касаллик номининг ўзиёқ одамни хушёр торттиради, кимдадир кулги, кимдадир эса ғамгин ҳиссиёт чақиради. Узоқ вақт давомида очиқ операция йўли билан даволаниб келинган бўлса, ҳозир геморройни даволашнинг замонавий, жарроҳлик амалиётидан кейинги ноқулайликлари деярли бўлмаган методлари қўлланилмоқда. «Дарё» колумнисти Сарвар Ғаниев шу касалликка батафсил тўхталиб ўтади.
Фото: Google Photos
Геморрой — тўғри ичак пастки қисмлари ва орқа чиқарув тешиги атрофидаги вена қон томирларининг кенгайиб, шишиш касаллиги. Бавосил билан дунёнинг 331 миллиондан ортиқ аҳолиси касалланган. Қанчалик ғамгин бўлмасин, икки оёқлаб юришимизнинг ўзи геморрой келиб чиқиши хавфини оширади. Тўрт оёқлаб юрувчи ҳайвонларда бу касалликка мойиллик йўқ. Тортишиш кучи тўрт оёқли ҳайвонлар танасига бир хил таъсир кўрсатади. Одамда эса икки оёқлаб юриш сабабли қон кичик чаноқ бўшлиғи ва оёқларда туриб қолади. Бундан ташқари, ҳомиладорлик, кам миқдорда клечатка сақловчи парҳез, кучаниш, сурункали қабзият ва диарея, ҳожатхонада узоқ ўтириш, оғир юк кўтариш, узоқ вақт бир жойда ўтириб ишлаш (ҳайдовчилар, офис ишчилари) ва бошқа касалликлар, жигар сиррози, портал гипертензиянинг асорати сифатида ҳам юзага келади.
Касаллик симптомлари сифатида дефекация пайтида оғриқсиз қон кетиши (ёрқин қизил рангда оз миқдорда), анал соҳада қичишиш, оғриқ ва дискомфорт, анус атрофи шишини айтиб ўтиш мумкин.
Геморрой қуйидаги турларга бўлинади:
— жойлашган ўрнига кўра: ички ва ташқи геморрой;
— клиник формаларига кўра: ўткир ва сурункали геморрой.
Ички геморрой тўғри ичак бўшлиғида жойлашади ва ҳеч қандай белги бермайди. Кучаниш вақтида тўғри ичак билан пастга тушади ва оғриқ чақиради. Ташқи геморрой ташқи чиқарув тешиги атрофи териси остида жойлашади. Ташқи таъсир туфайли қичиши ёки қонаши мумкин.
Асоратлари:
- Анемия;
- Тромбланган геморрой — бунда геморрой тугунчасида қон тўпланиб тромб ҳосил қилади. У эса ўз навбатида кучли оғриқ, яллиғланишни келтириб чиқаради.
Геморройнинг давоси икки хил: консерватив ва хирургик. Консерватив даводан мақсад маҳаллий қон айланишини яхшилаш, яллиғланиш жараёнларини бартараф қилиш ва оғриқни қолдириш. Дори препаратлари билан геморройни бутунлай тузатиб бўлмайди. Препаратлар ёрдамида фақатгина ўткир ва сурункали геморрой симптомлари енгиллаштириш, касаллик асоратларини профилактика қилиш, операцияга тайёрлаш ва реабилитацияда фойдаланиш мумкин. Асосий даво усули фақат ва фақат жарроҳлик амалиёти ҳисобланади.
Мана бунақа рекламаларга ишониб, пулингизни ва вақтингизни сарфламанг.
Фото: «Дарё»
Бавосилда қўлланиладиган асосий гуруҳ препаратлари:
- йўғон ичак функциясини нормаллаштирувчи дори воситалари;
- флеботроп препаратлар (вена қон томирлари тонусини оширади);
- яллиғланишга қарши маҳаллий дори препаратлари (мазлар ва «свечалар»).
Бавосилнинг хирургик давоси
Геморройнинг ривожланиш босқичларига қараб жарроҳлик усули танланади. Унинг босқичлари:
I — стул вақтида геморроидал тугунларнинг тушишисиз қон кетади;
II — геморроидал тугунлар тушиши, лекин улар мустақил тўғри ичакдаги ўрнига қайтади, қон кетиши ёки усиз;
III — даврий равишда тугунлар тушади, аммо уларни қўл ёрдамида тўғрилаш зарурияти туғилади, мустақил ўрнига қайтмайди, қонаши ёки қонамаслиги ҳам мумкин;
IV — геморроидал тугунларнинг тўғри ичак шиллиқ қавати билан бирга доимий тушиши, умуман тўғрилашнинг иложи йўқ, қонаши ёки қонамаслиги ҳам мумкин.
Геморройнинг I–III босқичларида консерватив даво фойда бермаса, кам инвазив жарроҳлик методлари қўлланилади. Кам инвазив жарроҳлик усулларининг асосида кичик тешик ёки табиий тешиклар орқали жарроҳлик операцияларини ўтказиш ётади. Бунинг афзаллик тарафи шундаки, бемор организми минимал даражада травма олади ва операция турига қараб одатий ҳаёт тарзига 1–5 кун ичида қайтиб, ўз иш фаолиятини давом эттириши мумкин. Бу жуда ҳам қулай. Шу ўринда айтиб ўтишим керакки авваллари жарроҳ қанчалик катта кесма билан операция қилса шунчалик маҳоратли деб эътироф этилган бўлса, ҳозирги кунда аксинча кесма қанчалик кичкиналиги ёки унинг умуман йўқли хирургнинг маҳоратини белгилаб бермоқда.
Энди I–III босқичларида қўлланиладиган жарроҳлик усулларига қайтсак. Геморройни даволашда қўлланиладиган кам инвазив жарроҳлик усулларига склеротерапия, инфрақизил нурлар билан коагуляция, геморроидал тугунларни латексли ҳалқалар ёрдамида боғлаш, ультратовуш допплерометрия остида геморроидал тугунларнинг дезартеризацияси ва янги замонавий усул лазер геморроидопластика киради. Ҳар бирига алоҳида тўхталиб ўтамиз.
Склеротерапия
Бунда 45 даражага букилган игна орқали геморроидал тугун ичига склерозлантирувчи модда юборилади. Бу усул қўпол қилиб айтадиган бўлсам ички геморроидал тугунларни «қуритиб» беради. Беморда катта операцияларга қарши кўрсатма бўлса ёки уни кўтара олмаса қонни тўхтатиш учун фойдаланилади. Инфрақизил нурлар билан коагуляция ҳам асосан қонни тўхтатишда фойдаланилади. Усулнинг афзалликлари:
- осонлиги;
- хавфсизлиги;
- хирургик муолажадан кейинги оғриқнинг деярли йўқлиги;
- қон-томирлар мўртлашган ва бошқа методлар учун қарши кўрсатмаси бўлган ёши катта беморлар мос келади;
- битта сеанс давомида бир нечта тугунларни «қуритиш» мумкин;
Камчиликлари:
- ташқи геморройда қўллаб бўлмайди;
- ўлчамлари катта бўлган тугунларда эффектнинг йўқлиги;
- касалликнинг сабабларини эмас унинг оқибатларини йўқотади;
Геморроидал тугунларни латексли ҳалқалар ёрдамида боғлаш
Метод II–III босқич геморройда қўлланилади. Бунда геморроидал тугун оёқчаси резина ҳалқа ёрдамида боғланади. Шундан сўнг тугунда қон айланиши бузилади ва 11–14 кундан сўнг тугун латексли ҳалқа билан бирга кўчиб тушади.
Усулнинг афзаллиги:
- касалликнинг қайталаниш фоизи жуда кам;
- скалпелдан қўрқадиган беморларни кўнглини хотиржам қилиб даволаш мумкин;
- қисқа муддат ичида бажарилади;
Камчилиги:
- операциядан кейинги оғриқ синдроми яққолроқ намоён бўлади;
- бир вақтнинг ўзида иккитадан ортиқ тугун боғланса, адашган нерв симптомлари (юрак қисқаришлари сонининг камайиши, қон босими пасайиши, коллапс) пайдо бўлиши мумкин, шунинг учун ушбу метод босқичма-босқич даволашни талаб қилади, натижада амбулатор даво узоққа чўзилиши мумкин.
Ультратовуш допплерометрия остида геморроидал тугунларнинг дезартеризацияси
Бу усулнинг асосида ультратовуш ёрдамида тугунга келадиган артерияни топиб боғлаш ётади. Керакли артерия боғлангандан сўнг тугун 6–8 ҳафтадан кейин сўрилиб кетади.
Усулнинг афзалликлари:
- касалликнинг сабаби бартараф қилинади;
- II–III босқичдаги геморройда самарадорлиги жуда юқори;
- веноз қон оқими яхшиланади;
- амбулатор шароитда ўтказиш мумкин;
- операциядан сўнг наркотик аналгетикларга зарурият йўқ;
- амалиётдан сўнг бемор врач кўрсатмаларига амал қилган ҳолда 1–2 кундан сўнг меҳнат фаолиятига қайтиши мумкин;
- бошқа тўғри ичак патологиялари бўлган тақдирда ҳам амалиётни бажариш мумкин.
Камчилиги:
- ташқи геморройда қўллаб бўлмайди.
III–IV босқичдаги бавосилни даволашда геммороидектомия ёки геморроидал тугунни кесиб олиб ташлаш операциялари қўлланилади. Улардан Миллиган-Морган, Лонго, Уайтхед операциялари ҳозирги кунда кенг қўлланилади.
Уларнинг афзалликлари сифатида тўғри ичакдаги анал ёриқлари, оқмалар ва тўғри ичак тушишларида ўтказишга кўрсатмалар борлигини келтириш мумкин. Лекин бир қанча камчиликлари ҳам бор:
- операциядан кейинги даврда қон кетиши;
- амалиётдан кейинги даврда оғриқ синдроми кучли намоён бўлиши наркотик аналгетикларга зарурият туғдиради;
- тўғри ичак каналининг торайиши;
- ректовагинал, ректал оқмаларнинг пайдо бўлиши, тўғри ичак тешилиши;
- узоқ муддатли реабилитация.
Айнан шу камчиликлар туфайли беморлар операциядан қўрқади. Лекин тиббиёт бир жойда қотиб қолгани йўқ. Геморройни даволашнинг энг охирги замонавий усулларидан бири — лазер геморроидопластика. Бунда бир нуқтадан кириб, лазер энергияси тугун ичидаги тўқималарни куйдирилиб, деструксия чақирилади, қон томирларини куйдириб, геморроидал тўқимада чандиқ ҳосил қилинади.
2014 йилдаги текширувда лазер геморроидопластика амалиётини очиқ геммороидектомия усули билан солиштирилган. Олинган натижаларга кўра янги усул классик методдан амалиётдан кейинги оғриқнинг даражаси ва операция давомийлиги, ундан кейинги реабилитацион даврининг қисқалиги билан яққол устунликка эга бўлган. Кам инвазив методлардан тугунни резина ҳалқа билан боғлаш амалиёти билан солиштирилганда лазер геморроидопластиканинг самарадорлиги юқорилиги аниқланган.
Усулнинг афзалликлари:
- кам травмалилик;
- ҳам ички ҳам ташқи геморройда қўллаш мумкин;
- операция шиллиқ ости қаватида бажарилгани учун чоклар қўйилмайди бу эса амалиётдан кейинги оғриқ синдроми пайдо бўлиши хавфини кескин камайтиради;
- жарроҳлик амалиёти вақтида ва ундан кейин қон кетмаслиги;
- лазер таъсир кўрсатган соханинг яллиғланишларсиз битиши;
- операция вақтининг қисқалиги;
- жарроҳликдан сўнг чандиқнинг йўқлиги, анал скфинтер шикастланмаслиги;
- касаллик қайталанишининг минимал фоизи;
- лазер ёрдамида бир вақтнинг ўзида анал ёриқлари, оқмалари, кондиломалга ҳам ишлов бериш имконияти мавжуд;
- соғайиш даврининг жуда қисқалиги.
Камчиликлари:
- ушбу операцияни ўтказадиган мутахасислар ва клиникаларнинг Ўзбекистонда камлиги;
- ҳар бир бемор учун алоҳида инструментлар тўплами сотиб олиниши керак, умуман олганда буни камчилик деб ҳам бўлмайди, чунки ҳар бир бемор учун алоҳида инструментлар ишлатилиши қон орқали юқадиган касалликларнинг профилактикаси учун мақсадга мувофиқ.
Шу ўринда одамлар орасида тарқалган «лазер билан даволаш ракка сабаб бўлади», деган мифнинг ёлғонлигини, унинг клиник рандом текширувларда исботланмаганини айтиб ўтмасам бўлмайди. Хотиринггиз жам бўлсин, лазер нурлари ўсма касалликларини келтириб чиқармайди.
Ўзингизни қийнаб, операциягача, умуман айтганда геморрой билан касалланмаслик ҳам мумкин. Касаллик профилактикаси жуда оддий:
- тўғри овқатланишга эътибор қаратинг: ҳар куни 1,5–2 литр суюқлик ичинг, клечаткага бой бўлган сабзавот ва мевалар ҳар кунлик овқат рационингиздан жой олсин, спиртли ичимликларни ва аччиқ қовурилган овқатлардан тийилинг;
- дефекация гигиенасига риоя қилинг: кучанишлардан қочинг. Бунинг йўли осон — организмни куннинг маълум вақтига ўргатинг, шунда ҳеч қаерга шошилмайсиз. Яна бир гап, ҳожатхонада ўқиш, телефоннни титкилаш у ерда узоқ муддат қолиб кетишга сабаб бўлади, у ерда узоқ ўтириш эса геморройни келтириб чиқарувчи асосий омиллардан бири эканлигини унутманг. Ҳожатдан кейин таҳорат олиш ҳам яхши амал;
- Ҳаракат фаоллигингизни нормаллаштиринг: ўтириб ишлайдиган касб эгаси бўлсангиз, ҳар соатдан кейин 5–10 дақиқа жисмоний фаоллик учун танаффус қилинг, бу вақтни ичида ўтириб туриш ёки қорин пресси ва оралиқ мускулларини чиниқтирувчи машларга сарфланг, ҳеч бўлмаганда пиёда юринг;
- Соғлиғингизга эътиборли бўлинг, қалқонсимон без касалликларида ичаклар фаолияти сусаяди, бунинг натижасида ич қотади, ич қотиши ҳам бавосилнинг асосий факторларидан бири. Семиришдан сақланинг.
Источник